Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi.

Xususan, ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida mamlakat hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan birinchi marotaba noqonuniy foydalanganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik o‘rniga ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bu kabi huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilayotgan yangi 1854-moddasiga qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, uchuvchisiz uchadigan apparatlari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari ixtiyoriy ravishda topshirilganda shaxsning ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, kiritilayotgan normalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, mamlakatga xorijiy turistlarning jalb etilishi uchun sharoitlarni ta’minlash hamda mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga yordam beradi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

O‘zbekistonda dronlardan foydalanish

2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.

Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.

2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.

Yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.

Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.

Unga ko‘ra, dronlar parvozini bajarish vaqtida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparat operatorida ushbu apparatni uchishga tayyorlash va boshqarishga oid qo‘llanma bo‘lishi shart.