Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonda yoshlar biznesini rivojlantirishga qaratilgan dasturni ishga tushirdi. Bu haqda bank matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.

YeTTB yetti yil ichida Markaziy Osiyodagi yosh tadbirkorlarni moliyalashtirish va treningdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun $218 mln ajratadi. Dastur 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar rahbarligidagi mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlikni (MSME) rivojlantirishga qaratilgan.

Kompaniyalar kreditlarni 20ta hamkor moliya institutlari orqali oladi. Shuningdek, dastur ishtirokchilariga treninglar, maslahat xizmatlari va turli tadbirlarda ishtirok etish imkonini beradi.

Loyiha doirasida YeTTB “Hamkorbank"ga $10 mln miqdorida kredit ajratadi.

Shuningdek, xalqaro tashkilot investitsiyalari grantlar va imtiyozli qo‘shma moliyalashtirishdan iborat 30 mln yevrogacha bo‘lgan paket bilan to‘ldiriladi.

YeTTB Markaziy Osiyoda ko‘plab yoshlar tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega, ammo teng iqtisodiy imkoniyatlarga ega emasligini qayd etadi. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, yoshlarning atigi 10%gina zarur ta’lim va ish ko‘nikmalariga ega.

“Bu muammoni hal qilish Markaziy Osiyo uchun muhim ahamiyatga ega, kichik va o‘rta korxonalar umumiy bandlikning deyarli yarmi va mintaqaviy YaIMning deyarli 40%ini tashkil qiladi”, — deya ta’kidlaydi YeTTB.

Dastur Qozog‘iston hukumati, Kichik biznes jamg‘armasi va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi.

Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga $100 mln ajratishi ma’lum qilingandi.