O‘tgan ikki oy davomida O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 25ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasining matbout xizmati xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” bilan barcha hududlarda joylashgan AYoQShlarda benzin mahsulotlarining nazorat xaridlari o‘tkazildi. Uning davomida 82ta yoqilg‘i quyish shoxobchalaridan xarid qilingan benzin mahsulotlari tegishli laboratoriyalarga taqdim etilib, ularning dastlabki qismi bo‘yicha ma’lumotlar olingan.

Dastlabki o‘rganishlar natijasida 21ta holatda benzin mahsulotlarining sifati belgilangan talablarga javob bermasligi, 4ta holatda esa belgilangan miqdordan kam quyish holatlari aniqlangan.

Quyidagi korxonalarga tegishli yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi benzin sifatsiz ekani ma’lum bo‘ldi:

  • Qoraqalpog‘istonda — “Gulnora gaz servis”;
  • Sirdaryo viloyatida — “International Petroleum”;
  • Jizzax viloyatida — “Iskra”, “Xamkor Imej”, “Nazar Ota”, “Sher Grand Gaz”, “Shodlik tuxfasi” va “Versal Oil”;
  • Farg‘ona viloyatida — “Qaro Oltin Yog‘dusi”, “Lutf Haq”, “Vodiy Propan Gaz Servis” va “Office brokers”;
  • Qashqadaryo viloyatida — “Maks Eko Oyl”;
  • Andijon viloyatida — “Markaziy Gaz Oyl”, “Brava Oil Co”, “Foykon” “Mohinur Oil”, “Boburshox Plyus Oil”, “Elit Tranzit Oyl”, “Mustaqillik-2001”;
  • Toshkent viloyatida — “BARS”.

Shuningdek, to‘rtda holatda benzin mahsulotlarining kam to‘ldirilishi aniqlangan. Bular orasida Andijondagi “RASUL” ko‘p tarmoqli xususiy savdo korxonasi, Buxorodagi “City petrol”, “Jasur Jo‘rabek Tolib Nuri” va “Xush Baxt Zar” korxonalariga qarashli AYoQShlar mavjud.

Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, jami aniqlangan holatlar yuzasidan iste’molchilarga 300 mln so‘mga yaqin zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Bular yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan ish qo‘zg‘atilib, qonunchilikda belgilangan tartibda iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplatish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

Iste’molchilardan shu kabi holatlarga duch kelganda Raqobat qo‘mitasining yagona ishonch raqamiga (1159) murojaat qilish mumkunligi qayd etilgan.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Free Link"ni raqobatchini obro‘sizlantirgani uchun javobgarlikka tortgandi. Bundan tashqari, qo‘mita ikki kompaniya rahbariyati yuzasidan ma’muriy bayonnoma tuzishni so‘rab, IIVga murojaat qilgan.