Elektr tarmoqlari obyektlarining muhofaza zonalarida noqonuniy qurilgan 9 mingdan ortiq obyekt aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning shu davrigacha inspeksiya tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr tarmoq xo‘jaliklarining muhofaza zonalarida 9 ming 57ta obyekt noqonuniy qurilgan.

Mazkur muhofaza maydonlari hududida qurilgan obyektlar insonlar uchun xavfli hisoblanadi. Bunday qurilishlar tegishli maxsus ruxsatnomalar orqali amalga oshirilishi kerak.

Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” tasarrufidagi elektr uzatish tarmoqlari hududida 8 357ta, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” tasarrufidagi elektr uzatish tarmoqlari hududida esa 700ta obyekt aniqlanib, belgilangan talablar bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, aniqlangan 7 636ta obyekt bo‘yicha mahalliy hokimliklar va sudlarga hujjatlar taqdim etilgan. Noqonuniy qurilishlarni xavfsiz hududlarga ko‘chirish yuzasidan ish olib borilmoqda. Ayni vaqtgacha 91ta obyekt xavfsiz hududlarga ko‘chirildi.

Inspeksiya muhofaza zonasida uy, bino, issiqxona va hokazolar qurish, har qanday qurilish ishlarini olib borish qat’iyan taqiqlanishini qayd etgan.

Avvalroq dekabrning birinchi yarmida 73 mlrd so‘mdan ortiq energoresurslar talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi. Nazorat tadbirlarida 411ta iste’molchining elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi.