Senatning 48-yalpi majlisida “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonuni ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonunda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga soliq solish tartibini takomillashtirish, QQS zanjirining uzluksizligini ta’minlash, tabiiy boyliklardan samarali va oqilona foydalanish, mutlaq summada belgilangan soliq stavkalarining kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Og‘ir yuk mashinalari tomonidan mamlakat va mahalliy darajadagi yo‘llardan foydalanishda ularni yaroqsiz holga keltirish oqibatida yetkazilayotgan zararlarni qoplash maqsadida yig‘im joriy etilmoqda.

Bunda yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi huquqi uchun to‘lovlar belgilanmoqda.

Biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida soliq hisobotini saqlash va soliq majburiyati bo‘yicha da’vo qilish muddatlari qisqartirilib, 5 yillik muddatlar 3 yil qilib belgilanmoqda.

Soliq to‘lovchilarga yengilliklar yaratish maqsadida soliq organlarining soliq to‘lovchilardan (soliq agentidan) hujjatlar talab qilib olish vakolati bekor qilinmoqda. Bu qog‘ozbozlikni bartaraf etish, ortiqcha hujjatlar talab qilmaslik hamda vaqt va mablag‘ sarflanishini kamaytirish uchun amalga oshirilmoqda.

Xorijiy va mahalliy tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi xorijiy yuridik shaxslar, chet davlatlar qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish joyi deb O‘zbekistonni qayd etishsa, QQS to‘lovchisi bo‘lishi belgilanmoqda.

O‘zini o‘zi band qilganlarning mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida 100 mln so‘mdan oshgan kundan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq to‘lashi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi va “Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, 2024-yilning 1-iyulidan pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotganidan keyin hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish uchun utilizatsiya yig‘imi belgilanadi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Avvalroq senatorlar tomonidan budjet defitsitining cheklangan miqdori 3%dan 5,5%ga oshirilgandi. Qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun yangi tashqi qarzning cheklangan hajmi $4,5 mlrddan $5,5 mlrdga o‘zgartirilmoqda.