Markaziy bank oktabr-dekabr oylarida mamlakat hududlaridagi banklarda nazorat tadbirlari o‘tkazdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Nazorat ishlari banklarning mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni tashkil etish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilayotgani yuzasidan olib borilgan.

Natijada, bir qator banklarning joylardagi muassasalari tomonidan mijozlar bilan ishlashishda belgilangan talablarga amal qilmaslik holatlari aniqlangan. Jami qoidabuzarliklardan 48%i kredit, 29%i omonat hamda 23%i bank kartalari bilan bog‘liq amaliyotlarga to‘g‘ri keladi.

Ularning asosiy qismini kreditlar va omonatlar to‘g‘risidagi axborotlarning to‘liq taqdim etilmasligi, karta orqali to‘lovlar qabul qilinmasligi va bank kassasidagi terminallar orqali naqd pul berilmasligi kabilar tashkil etadi.

Bu bankning reputatsion xatarlarini samarali boshqarishga e’tibor qaratilmayotganligini, iste’molchilar bilan o‘zaro munosabatlarni tashkil qilish bo‘yicha jarayonlarda “mijozbay” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Regulyator bu kabi amaliyotlarni iste’molchilar manfaatlariga muvofiq emas deb hisoblab, banklardan belgilangan me’yorlarga amal qilishni so‘ramoqda.

Xususan, Markaziy bank xizmat ko‘rsatish shartlarining shaffofligini ta’minlash, sifatini oshirish, bank xizmatlari bozorining axborot ochiqligini yaxshilash maqsadida banklardan iste’molchilarga kredit ajratish hamda omonatlar jalb etishda qonunchilik talablariga rioya etishni talab qiladi.

Regulyator hududlardagi barcha bank muassasalarida va banklarning masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlarida mijozlar bilan ishlashishda belgilangan talablarga amal qilinishi yuzasidan nazorat tadbirlarini davom ettiradi.

Endilikda nazorat tadbirlari natijalarida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan banklarga nisbatan jarima jazo choralari qo‘llanilib, banklar nomlari ko‘rsatilgan holda OAVda e’lon qilib boriladi.

Markaziy bank iste’molchilardan qonun buzilish holatlari kuzatilsa, Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200−00−44 raqamli ko‘p kanalli yagona “Ishonch telefoni” orqali murojaat qilish mumkinligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik holatlari haqida ogohlantirish bilan chiqqandi. Regulyator fuqarolarga soxta “Telegram” kanal va foydalanuvchilarga ishonib qolmaslikka chaqirdi.