Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-aprelidan noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20ta shaxs aniqlanib, ularga ko‘maklashiladi. Shu bilan birga ularning faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari belgilab beriladi.

Bu ko‘rsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirib boriladi.

Alohida ahamiyatga ega nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng tarqatish uchun har yili 50ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi.

Qarorga ko‘ra, nomoddiy madaniy meros namunalarini “tayyorlash-o‘rgatish-tiklash-ommalashtirish” yaxlit uzluksiz tizim asosida rivojlantiriladi. Namunalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy va ijodiy maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida etnofolklor laboratoriyasi tashkil etiladi. Institutga 2024-yildan har yili to‘lov-kontrakt shartnomasi asosida tayanch doktorantura uchun kamida 3tadan, stajor-tadqiqotchilik uchun esa kamida 2tadan kvota ajratiladi.

Shuningdek, 2024-yildan har yili madaniyatshunoslik, nomoddiy madaniy meros sohalari, xususan, maqom va baxshichilik san’ati bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan xodimlar xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalariga PhD darajasini himoya qilish uchun yuboriladi.

Mart oyida “Milliy qadriyatlar oyligi” tadbirlari va xalq sayillari o‘tkazib boriladi. Kelasi yilning 1-oktabrigacha “Qadriyatelektron platformasi va uning mobil ilovasi yaratiladi.

Platformaga nomoddiy madaniy merosni, jumladan maqom, baxshichilik namunalarini o‘zida saqlovchi va yetkazuvchilar haqidagi ma’lumotlar hamda ularning ro‘yxati joylashtiriladi.

Joriy yilning martida Madaniy meros agentligi tomonidan aholidan madaniy boyliklarni sotib olishga mo‘ljallangan portal ishga tushirilgandi.