Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, viloyat sudlari va ularga tenglashtirilgan sudlarda ishlar taftish tartibida ko‘rish bosqichi joriy etildi. Ishlar Oliy sudning Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida va alohida hollarda Oliy sud Rayosatida ko‘riladi.

Yuqori instansiya sudlari tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborish tartibi bekor qilindi.

Shuningdek, yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rishda prokuror ishtirok etishi shartligi belgilandi.

Ishni taftish instansiyasi sudida ko‘rishda ishtirok etgan sudya shu ishni birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida ko‘rishda, ishni yuqori turuvchi sud tomonidan taftish tartibida qayta ko‘rishda ishtirok etishi mumkin emas.

Protsessual muddatni tiklash haqidagi yoki tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin bo‘ladi.

Kelishuv bitimi apellyatsiya yoki kassatsiya, taftish instansiyasi sudi tomonidan tasdiqlangan taqdirda, ajrim chiqarilib, ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan barcha sud hujjatlari ajrim bilan bekor qilinadi va ish yuritish tugatiladi.

Kassatsiya shikoyati birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan 6 oy ichida berilishi mumkin.

Taftish tartibidagi protesti ishni taftish tartibida ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, Harbiy sud nomiga yo‘llanadi, lekin hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga beriladi.

Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat kelib tushgan kundan 5 kunlik muddatda uni ishni taftish tartibida ko‘radigan sudga ish bilan birga yuborishi shart.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran 1 yil ichida beriladi.

Noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar bergandi.