O‘zbekistonda “Tax Free” tizimiga ulangan xalqaro aeroportlar soni 9 taga yetdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

3-yanvardan boshlab Qarshi, Navoiy, Nukus va Termiz aeroportlarida “Tax Free” ofislari ochildi.

Bu yerda xorijlik sayyohlar ma’lum toifalar bo‘yicha sotib olgan tovarlari uchun QQSning bir qismini qaytarish uchun ariza berishlari mumkin.

“Tax Free” tizimi joriy etiladigan tovarlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022-yil noyabr oyida tasdiqlangan.

Unda suvenirlar, yong‘oqlar, mevalar va quritilgan mevalar, charm va mo‘ynali mahsulotlar, gilamlar, tekstil mahsulotlari kabilar nazarda tutilgan.

QQS to‘lovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tish va u orqali xaridlar uchun olingan cheklarni skanerlash lozim. Aeroportdan jo‘nab ketayotganda, yo‘lovchi reysga ro‘yxatdan o‘tishi, so‘ngra “Tax Free” xizmatiga borib bortga chiqish taloni va tovarning o‘zini ko‘rsatishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgan tovarlarni qo‘l yukida tashish uchun qoldirish yoki ro‘yxatdan o‘tish joyiga qaytib, bagaj sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

“Tax Free” xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 mln so‘mdan yuqori bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan bo‘lishi kerak.

Soliq qo‘mitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan so‘ng, “keshbek"ni rasmiylashtiradilar. Turli toifadagi tovarlar uchun yo‘lovchi QQS summasining 90%igacha “keshbek” qaytarishi mumkin.

Keshbek yo‘lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va ro‘yxatdan o‘tgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin to‘lab beriladi.