Markaziy bank dekabrda uchta bankka nisbatan ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga cheklov o‘rnatdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2023-yil oxiridagi yig‘ilishlarda 46ta masala ko‘rilib, ularda tegishli qarorlar qabul qilindi. Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 22ta masala ko‘rib chiqilib, ularda yarmi kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish masalalariga bog‘liq.

Shuningdek, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari nomzodlarini ko‘rib chiqish kabi masalalar o‘rin olgan.

Amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilmagan 3ta bankka nisbatan ayrim operatsiyalarning amalga oshirilishiga cheklov o‘rnatildi. Bundan tashqari, 2ta bankka jarima sanksiyasi qo‘llanildi.

Markaziy bankning me’yoriy-huquqiy hujjatlari talablariga rioya qilinishi ta’minlanmaganligi uchun 1ta lombardga chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shu bilan birga, Janubiy Koreyaning “Kyongnam bank"ining O‘zbekistondagi vakolatxonasi faoliyati tugatilganligi sabab, unga berilgan akkreditatsiya sertifikati bekor qilindi. “Lombard Magic Crown” esa lombardda o‘tkazilgan tekshiruvi natijasi aniqlangan qo‘pol qoidabuzarliklari uchun lombardlar reyestridan chiqarildi.

Banklar boshqaruvlari zimmasiga aniqlangan kamchiliklarni tuzatish, o‘rnatilgan prudensial normativlarga amal qilish, bank faoliyatida mavjud zaifliklarni bartaraf etish va moliyaviy holatini sog‘lomlashtirishga qaratilgan talablarga rioya qilish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Dekabrda Markaziy bank ayrim banklar tomonidan mijozlar bilan ishlashishda belgilangan talablarga amal qilmaslik holatlarini aniqlagandi.

Avvalroq regulyator aholiga ipoteka va avtokreditlar berish uchun talablarni kuchaytirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi.