Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi bo‘sh yerlar hisobiga “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi maydoni 70 gektarga kengaytiriladi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

Prezident qaroriga ko‘ra, EIZni kengaytirish yangi texnologiyalarni joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va import o‘rnini bosuvchi hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan.

Bir oy muddatda direksiyaga “Namangan” EIZning yangi hududlar bosh rejasini tasdiqlash topshirildi.

Bundan tashqari, kelgusi 3 yil ichida erkin iqtisodiy zonani kengaytirish uchun ajratilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari maydoni besh barobarga ko‘payadi.

“Namangan” EIZ prezidentning 2018-yil 20-avgustdagi qarori bilan tashkil etilgan. Ayni paytda hududning maydoni 481 gektar bo‘lib, bu yerda umumiy qiymati $637,7 mlnlik 27ta loyiha amalga oshirilmoqda.

EIZ rezidentlari 30 yil muddatga yer, mol-mulk, suv resurslaridan foydalanish soliqlari, QQS va bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilinadi.

2023-yilning oktabrida Rossiyaning “Alabuga” kompaniyasi Buxoroda maxsus iqtisodiy zona tashkil etishi ma’lum qilingandi. O‘zbekiston tomoni birinchi bosqich qurilishiga $60 mln yo‘naltiradi. Loyihaning birinchi bosqichida 20ga yaqin rezidentni jalb etish rejalashtirilgan.