Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida arab tajribasi asosida bog‘ yaratilmoqda, deya xabar berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi BAA bilan hamkorlikda tashkil etayotgan mazkur bog‘ hududi 470 gektarni tashkil etadi.

Loyiha qiymati $30 mlnni tashkil etib, uning birinchi bosqichida 20 gektar maydonda golubika rezavori sinov tarzida tuvaklarda yetishtirilmoqda.

Bundan tashqari, sinov uchun ajratilgan maydon hududi to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi bilan ta’minlangan.

Golubika issiqlikka chidamsiz bo‘lgani uchun kelgusida maxsus to‘rlar bilan himoyalanadi. Bir gektar maydonga 4000 tup ekilishi natijasida o‘rtacha 400−500 tonna hosil olinishi kutilmoqda.

Loyiha to‘liq ishga tushgach 2000ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Maydonga, shuningdek, malina va sabzavot mahsulotlarini ham yetishtirish rejalashtirilgan.

Avvalroq BAAning “Tadweer” kompaniyasi O‘zbekistonda chiqindilarni energiyaga aylantiruvchi zavodni ishga tushirishi haqida xabar berilgandi.

Loyiha doirasida maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish, saralash, qayta ishlash va utilizatsiya qilishni boshqarish tizimi ishlab chiqiladi.