O‘zbekiston va Yaponiya IT sohasida biznes va ta’lim sohalarida kelishuvlarga erishdi, deya ma’lum qildi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.

10-yanvar kuni Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Yaponiya biznes forumi mavzusi axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish bo‘ldi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat davlat vaziri Ryosuke Kozuki boshchiligidagi tadbirda 200dan ortiq kompaniya ishtirok etdi.

Forum sessiyalaridan biri yapon startaplarining O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishdagi salohiyatiga qaratildi. Ishtirokchilar yapon innovatsiyalari va texnologiyalarini mamlakatda joriy etish sezilarli iqtisodiy samara berishi mumkinligini qayd etishdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi Yaponiya kompaniyalari delegatsiyasi bilan O‘zbekiston yoshlarini Yaponiya IT-universitetlarida o‘qitish istiqbollarini muhokama qildi. Yosh mutaxassislarni maoshi yuqori bo‘lgan ishlarga joylashtirish masalasiga ham to‘xtaldi.

Forum doirasida vazirlik “CAL Co., Ltd” kompaniyasi bilan O‘zbekistonda IT ta’limni rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni Yaponiyada IT sohasida ish bilan ta’minlash yo‘nalishida anglashuv memorandumini imzoladi.

Yana bir kelishuv “Digital Knowledge Co., Ltd” kompaniyasi hamda “Japan Digital University” universiteti bilan amalga oshirildi. Tomonlar O‘zbekistonda generativ sun’iy intellektdan foydalanib, Yaponiya ta’lim texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, Kompyuterlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik markazi bilan Raqamli hamkorlik aloqa qo‘mitasini tashkil etishga kelishildi. U Yaponiya IT-kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi va o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi.

Forum yakunida jami 14ta hujjat imzolandi. Hujjatlar ta’lim, IT texnologiyalari, muqobil energetika va tibbiyot, geodeziya va kartografiyada kosmik texnologiyalardan foydalanish sohalarini qamrab olgan.