Xitoyning “HL Technology” kompaniyasi O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uyushma raisi Faxriddin Boboyev “HL Technology” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar mamlakatda charmsanoat, qurilish, mebelsozlik va avtomobilsozlik sanoati uchun zarur bo‘lgan yelim xom ashyosini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni muhokama qildi.

Kompaniya menejeri Jun Shao O‘zbekistonda ishlab chiqarish salohiyatining ortayotgani hamda xalqaro bozorda mamlakat mahsulotlariga talab yuqoriligi sarmoya kiritishga qiziqishni oshirayotganini takidladi.

“Xom ashyoni mahalliylashtirish borasida charmsanoat korxonalarining izlanuvchanligi tarmoqning istiqboli yuksakligini ko‘rsatmoqda. Ishonchli va rivojlanishdan ortda qolmaydigan davlatga sarmoya kiritish niyatidaman”, — dedi u.

“HL Technology” kompaniyasi O‘zbekistonda sanoat tarmoqlari uchun zarur bo‘lgan yelim va formalin xom ashyosini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish tashabbusini bildirdi. Loyihaning dastlabki qiymati $10 mlnni tashkil etadi.

2023-yilda O‘zbekiston sanoat korxonalari jami $31 mlnlik yelim xom ashyosini xorijdan import qilgan. Mazkur loyihaning samarali amalga oshirilishi natijasida kamida 50% ichki bozor talabi qoplanishi qayd etilgan.

Investorga sarmoyaviy loyihani amalga oshirish bo‘yicha amaliy va tashkil jarayonlar haqida to‘liq ma’lumot taqdim etildi. Kelishuv Xitoyda imzolanadi.

“HL Technology” kompaniyasi Xitoyning Isin shahrida joylashgan. Asosan, yelim, akupunktur yopishtiruvchi paxta, to‘qilmagan mato, sun’iy mo‘yna, kimyoviy moddalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya ilmiy tadqiqotlar markazi, ishlab chiqarish va sotuv tarmoqlarini o‘z ichiga oladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 10 ming tonnani tashkil etadi. O‘zbekistonda Farg‘ona, Samarqand viloyatlaridagi korxonalar bilan hamkorlik qiladi.

Avvalroq Xitoy kompaniyasi Andijonning 8ta tumanida gidroelektr stansiyalari qurishi haqida xabar berilgandi. Loyiha qiymati $60 mlnni tashkil etadi.