Prezident raisligida iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hukumat oldidagi muhim vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xususiylashtirish bo‘yicha ishlar holati tahlil qilindi.

Xususan, “Donmahsulot” tarkibidagi savdoga chiqarilgan 43ta korxonadan faqat 10tasi sotilgan. Ayrimlari 2−3 yildan beri sotilmasdan turibdi. Bunga sabab xususiy sektorga bermaslik uchun narxi sun’iy oshirib yuborilgan.

Mutasaddilarga sotilmasdan turgan 33ta don korxonasi narxini bozor qiymatiga keltirib, joriy yilda sotilishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484ta davlat aktivlari savdoga chiqarilmayotgani tanqid qilindi. Bularning hisobidan yana 200 mlrd so‘m tushum qilsa bo‘lardi.

Hukumatga qoloqliklarni bartaraf etib, 2024-yilda 20 trln so‘m tushum ta’minlaydigan yangi xususiylashtirish dasturini kiritish topshirildi.

Bundan tashqari majlisda budjet tushumi uchun eng katta zaxira yerlarni tadbirkorlarga auksion orqali sotish ekanligi qayd etildi.

O‘tgan yili bundan 1 trln so‘m tushum bo‘ldi, 12 mingta yangi loyihalar qo‘shildi. Lekin joylardagi sustkashlik bois, o‘tgan yili 3 trln so‘m qo‘shimcha tushum boy berildi.

Bosh vazirga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalalquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi.

Davaktiv agentligi yerlarni auksionda sotish bo‘yicha 4 trln so‘mlik rejani tumanbay ishlab chiqishi va ijrosini ta’minlashi belgilandi.

Tumanning master rejasi bo‘lsa katta mablag‘, tadbirkorlar va bandlik uchun manba bo‘lishi ta’kidlandi. Lekin hozirgacha bor-yo‘g‘i 17ta kichik aholi punktining master rejasi tayyorlandi.

Iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yil yakunigacha 70ta, kelasi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqishga topshiriq berildi.

Avvalroq uy-joyni xususiylashtirishga rozilik berganlar to‘g‘risida ma’lumotnomani onlayn olish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi.