Toshkent xalqaro aeroportida “Fly Khiva"ning birinchi samolyoti kutib olindi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” kompaniyasi matbuot xizmati.

17-yanvar kuni mahalliy aviakompaniyaning birinchi samolyoti Islandiya poytaxti Reykyavikdan yetib keldi.

Boeing 767−304 yuk samolyoti aviakompaniya parkidagi birinchi samolyot hisoblanib, kompaniya yaqin kelajakda samolyotlar parkini shu turdagi samolyotlar bilan to‘ldiradi.

Shuningdek, aviakompaniya Dubay, Istanbul, Dehli va Gonkongga yuk reyslarini amalga oshirishni rejalashtirgan.

“Fly Khiva” aviakompaniyasi 2021-yilda tashkil etilgan. Urganchda joylashgan mahalliy aviakompaniya “Fly Khiva Group” tarkibiga kiradi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Fly Khiva Group” ta’sichisi Xo‘jayeva Bahora Baxtiyorovna hisoblanadi. Kompaniyaning ustav fondi 1,92 mlrd so‘mni tashkil etadi.

2022-yilning aprelida aviakompaniya “Azal Azerbaijan Airlines” bilan hamkorlikda Bokudan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi.