Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) bosh qarorgohiga tashrif buyurib, bank prezidenti Szin Litsyun bilan muzokara o‘tkazdi.

Xalqaro moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Bank bilan qo‘shma loyihalar portfeli $3 mlrddan oshdi. 2023-yilning o‘zida jalb qilingan investitsiyalar hajmi $1 mlrdga yetdi.

Davlat rahbari strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish hamda DXSh asosida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Tarkibiy islohotlar doirasida ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 2026-yilgacha mo‘ljallangan qo‘shma hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi strategik muhim infratuzilmaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bank boshqaruvchilari kengashining joriy yil sentabr oyida Samarqand shahrida bo‘lajak yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

2023-yilning iyunida OIIB Islom taraqqiyot banki bilan Surxondaryoda elektr stansiyasi qurish uchun 325 mln yevro investitsiya kiritishi ma’lum qilindi.

Avgustda OIIB Buxoroning suv ta’minotini yaxshilash uchun O‘zbekistonga $280 mlndan ortiq mablag‘ ajratdi. Senatbrga kelib bank “O‘zsanoatqurilishbank"ning “yashil” yevroobligatsiyalarini sotib oldi.