Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

“Spot” “Biznes tarixi” sahifasini davom etadi. Bu gal elektron tijorat bozorida o‘z nomiga, o‘z o‘rniga, hamda ko‘plab foydalanuvchilariga ega “Amazon” kompaniyasi tarixiga nazar tashlaymiz.

Uning bugungi kungacha qanday shakllangani, qanday jarayon va yo‘llardan o‘tgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.


Brend asoschisi

Jeffri Preston Bezos — elektron tijorat dunyosida muvaffaqiyatli tadbirkor va “Amazon” asoschisi sifatida tanilgan. U 1964-yil 12-yanvarda Amerikaning Nyu Meksiko shtatida dunyoga kelgan. Priston universitetini tamomlagandan so‘ng, Uoll-Stritda o‘z karyerasini boshlaydi.

U o‘zining birinchi biznesini maktabda o‘qib yurgan paytidayoq yo‘lga qo‘ygan. O‘z uyida noyob qobiliyatga ega o‘quvchilar uchun pulli oromgoh ochib, uning ortidan yaxshigina pul ishlagan.

amazon, biznes tarixi, jeff bezos

Shu sabab, internet do‘konini aynan kitoblarni izlaganda tezroq topishga va yaxshi kitoblar tavsiya qilishni yo‘lga qo‘ygan edi. Shuningdek, xaridorga mahsulotni chiroyli o‘ramda yetkazib berishga ham katta e’tibor qaratgan.

“DE Show Investitsion” kompaniyasida vitse-prezident lavozimida ishlab turgan Bezos o‘zining biznes g‘oyalarini amalga oshirish uchun o‘z ishini tashlaydi va rafiqasi Makkenzi Bezos bilan birga noldan yangi startapini amalga oshirish uchun harakat qiladi.

Keyinchalik Bezos 2000-yilda “Blue Origin” nashriga asos solib, kosmik tadqiqotlar sohasiga kirishadi. Bundan tashqari, 2013-yilda u “The Washington Post” gazetasiga ham rahbarlik qildi.

Bezosning qat’iyati va zukko ishbilarmonligi uni bugunga kelib, dunyoning eng badavlat shaxslaridan biriga aylantirdi. “Forbes” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi $181,3 mlrdga teng.

Amazonning yaratilishi

Jeff Bezos “Amazon"ga 1994-yil 5-iyulda Vashingtonning Bellevyu shahridagi garajida asos solgan.

U kitoblar uchun onlayn bozor sifatida boshlangan, ammo elektronika, dasturiy ta’minot, video o‘yinlar, kiyim-kechak, mebel, oziq-ovqat, o‘yinchoqlar va zargarlik buyumlarini sotish uchun kengaytirilgan.

amazon, biznes tarixi, jeff bezos

Jeff nafaqat kompyuter muhandisligi bo‘yicha mutaxassis bo‘lgan, balki yaxshi marketolog ham edi. U insonlar psixologiyasiga ham qiziqqan.

“Amazon"dan kitob sotib olayotganlarga pochtasi orqali kitob bilan birga: “Yana nimalarni onlayn buyurtma qilishni xohlardingiz?” deya savol berar edi.

Kelgan javoblarga qarab internet do‘kon peshtaxtalariga yangidan-yangi mahsulotlar kirib kela boshladi.

amazon, biznes tarixi, jeff bezos

2015-yilda “Amazon” bozor kapitallashuvi bo‘yicha “Walmart"dan o‘tib, Amerikadagi eng qimmat sotuvchiga aylandi. Ikki yildan so‘ng esa kompaniya “Whole Foods Market"ni $13,4 mlrdga sotib oldi.

2018-yilda uning ikki kunlik yetkazib berish xizmati “Amazon Prime” butun dunyo bo‘ylab 100 mln obunachidan oshdi.

Kompaniya daromadining katta qismi uni rivojlantirishga sarflangan. Hozirda “Amazon Prime"ning global obunachilari soni 220 mlndan ortiqni tashkil etadi.

amazon, biznes tarixi, jeff bezos

“Amazon” o‘zining “Amazon Prime Video”, “Amazon Music”, “Twitch” va “Audible” kabi korxonalari orqali turli xil yuklab olinadigan va oqimli kontentni tarqatadi.

Shuningdek, “Amazon Publishing” nashriyoti, “Amazon Studios” kino va televizion studiyasi va “Amazon Web Services” korxonasiga ega. U maishiy elektronika ishlab chiqaradi.

“Kindle” elektron o‘quvchilari, “Fire” planshetlari, “Fire TV” va “Echo” qurilmalari shular jumlasidan. Shuningdek, “Amazon” hozirda “Metro-Goldwyn-Mayer” kino va televizion studiyasini sotib olish jarayonida.

Kompaniya texnologik kuzatuvning haddan tashqari ta’minlanishi, yuqori raqobatbardosh va talabchan ish madaniyati hamda raqobatga qarshi xatti-harakatlari uchun tanqid qilingan.

Nom va logotip

Biznesda nom tanlash ham brendning kelajagini belgilab beradi. Kompaniya dastavval 1994-yilda “Sietlda Cadabra” nomi bilan faoliyat boshlab, kitob sotishni yo‘lga qo‘ygandi. Biroq ishlar yurishmadi: kompaniya nomi talaffuz qilinganida “cadaver” (o‘lik tana) so‘zini eslatib yuborardi.

amazon, biznes tarixi, jeff bezos

Ikkinchi variant esa “Relentless” (“shafqatsiz”) edi, biroq biznesmenning do‘stlari bu nom ham juda qo‘rqinchli ekanini aytgan.

Relentless.com manzili hozir ham Bezosning nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanuvchilar bu manzilni tersa, Amazon.com saytiga yo‘naltiriladi.

Jeff yaxshiroq nom topish ilinjida Oksford lug‘atini varaqlab chiqadi va “Amazonka” so‘ziga duch keladi. Bu — dunyodagi eng katta daryo, shuningdek, “A” harfidan boshlanadi.

Shu tariqa Amazon.com 1994-yilning noyabrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi va tarmoqda 1995-yilda paydo bo‘ladi.

amazon, biznes tarixi, jeff bezos

Kompaniya logotipi ham o‘ziga xos ma’no anglatadi: “Amazon” yozuvining ostidagi ko‘rsatkich belgisi “a” dan “z"ga qarab harakatlangan. Lotin alifbosida eng oxirgi harf “z” hisoblanadi. Ya’ni bizning do‘konda hamma nomdagi tovarlar mavjud degan ma’noni beradi.

Daromadlar

1996-yilga kelib “Amazon” daromadi $15,7 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, oradan bir yil o‘tib, $148 mlnga yetgan. Tashkil topganiga 5 yil bo‘lganida esa kompaniya $6 mlrdga baholangan.

Bugungi kunda “Amazon” kompaniyasi dunyodagi eng yirik onlayn do‘kon hisoblanadi. Amerikada amalga oshiriladigan barcha onlayn xaridlarning uchdan bir qismi uning hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, kompaniya ma’lumotlarni saqlashda eng yirik server xizmati ko‘rsatuvchilardan sanaladi.

“Amazon” kompaniyasi mahsulot yetkazib berish xizmatida ilk bor uchuvchisiz qurilmalardan foydalangan. 2021-yildan o‘zbekistonliklar uchun ham o‘z tovarlarini kompaniya orqali sotish imkoni paydo bo‘ldi.

Kompaniyada bugungi kunda 300 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi. U 100dan ortiq mamlakat va mintaqalardagi mijozlarga buyurtmalarni jo‘natadi. Global miqyosda 310 mlndan ortiq faol foydalanuvchiga ega.

Mijozlar “Amazon” xaridlarining 28%ni 3 daqiqada yoki undan kamroq vaqt ichida, 50% xaridlarni 15 daqiqadan kamroq vaqt ichida yakunlaydi.

Jeff 2000-yilda “Blue Origin” kosmik sayyohlik kompaniyasiga ham asos solgandi. U ana shu kompaniyasining kosmik kemasida, 2021-yil 20-iyul kuni yerdan 100 km uzoqlikka, ya’ni kosmosga borib keldi.

amazon, biznes tarixi, jeff bezos

“Amazon” “Interbrand” konsalting kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan 2023-yildagi dunyoning eng qimmat brendlarining yillik reytingini Top-3talikka kirdi. Brend qiymati 1% o‘sish bilan $276,9 mlrdni tashkil etgan.

Amazon va Sun’iy intellekt

2023-yilning noyabrida “Amazon” sun’iy intellekt sohasida ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beruvchi bepul “AI Ready” o‘quv dasturini ishga tushirdi.

Kompaniya mazkur dastur orqali 2025-yilgacha kamida 2 mln kishini o‘qitishni rejalashtirmoqda. Darslar yangi boshlayotganlar uchun ham, ushbu sohada allaqachon tajribaga ega bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan.

“AI Ready” tufayli “Amazon” kelajakda sun’iy intellekt sohasida o‘zini yangi iste’dodlar bilan ta’minlash va “Microsoft”, “Google” va sun’iy intellekt sohasida ham rivojlanayotgan boshqa kompaniyalar bilan bo‘shliqni yopish niyatida.

Shuningdek, kompaniyasi korporativ vazifalar uchun “Q” chat-botini taqdim etdi. U biznes muammolarini hal qilish uchun mo‘ljallangan.

U “Gmail”, “Slack”, “Google Driv”, “Microsoft 365” va “Atlassian” (Jira, Trello, Confluence) kabi ilovalarga yoki kompaniyaning ichki ma’lumotlar bazalariga ulanishi mumkin.