Rossiyaning “UVT Aero” aviakompaniyasi O‘zbekistonga parvozlar geografiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda aviakompaniya bosh direktori Pyotr Trubayevga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Bosh direktor kompaniya har yili ikkitadan beshtagacha yangi yo‘nalishlarni ochishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozondan Samarqandga parvoz qilayotgan yo‘lovchilar orasida barqaror talab mavjud.

“Samarqandga allaqachon reys ochilgan. Bu mavsumiy yo‘nalish bo‘lsa-da, juda yaxshi bandlik. <...> [Keyingi parvoz yo‘nalishlari] Toshkent va Buxoro”, — dedi Trubayev.

Bundan tashqari, “UVT Aero” ilgari talab yuqori bo‘lgan Batumiga parvozlarni qayta tiklamoqchi. Biroq Gruziya aviatsiya idoralari hozircha javob bermagan.

“UVT Aero” 2023-yilning avgustida O‘zbekistonga parvoz qilish uchun ruxsat olgan va sentabr oyida Qozon-Samarqand-Qozon yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlagan. Bomardier CRJ-200 samolyotlarida parvozlar har yakshanba kuni amalga oshiriladi.

Avvalroq “Ural Airlines” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslarni qayta tiklashi haqida xabar berilgandi.