“Panorama Airways” xususiy aviakompaniyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Transport prokuraturasi tomonidan mazkur aviakompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, kompaniya tomonidan fuqarolarni Umra safaridan qaytarish choralari ko‘rilmagan hamda boshqa jiddiy qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligi ta’kidlangan xabarda.

Nimalar sodir bo‘lmoqda?

Avvalroq fuqarolarning “Panorama airways” tomonidan parvozlarning kechikishi sabab “Umra” safaridan qayta olmayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Undan keyin aviakompaniya parvozlar jadvali va umumiy operatsiyalar sezilarli darajada ishdan chiqqanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, yangi boshqaruv guruhi tayinlangan.

2−4 fevral kunlari esa Saudiya Arabistonida qolib ketgan 3 mingdan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga qaytarilgan.

O‘zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyat nazoratga olingani, doimiy monitoring olib borilayotgani hamda zarur konsullik, huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatilayotganini xabar berdi.

Shuningdek, mazkur holat yuzasidan turizm qo‘mitasi munosabat bildirib, Umra xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilar o‘rnatilgan tartibda murojaat etishlari mumkinligini hamda yetkazilgan moddiy zarar sud qarori bilan undirib berilishini ma’lum qildi.