“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent-Rim yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent — Rim — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar Airbus 321Neo samolyotlarida amalga oshiriladi.

Aviaqatnov haftada bir marotaba — yakshanba kunlari olib boriladi. Birinchi reys joriy yilning 31-martiga rejalashtirilgan.

Parvoz jadvali (mahalliy vaqt):

  • Toshkentdan uchish — 15:50, Rimga yetib borish — 19:50;
  • Rimdan jo‘nab ketish — 21:20, Toshkentga kelish — 6:20 (keyingi kunga o‘tish bilan).

Xabar e’lon qilingan vaqtda bagajsiz bir tomonlama chiptalar $282dan, qaytish chiptalari esa $295dan boshlanadi.

Aviachiptalarni kompaniya sayti, mobil ilovasi va aviakompaniya agentlaridan, shuningdek, “Uzbekistan Airways Sales” filialidan xarid qilish mumkin.

Avvalroq “Qatar Airways” joriy yilning iyunidan boshlab Toshkent va Doha o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.