Joriy yilning 18-fevralidan Buxoro viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda viloyat hokimligi ma’lum qildi.

Mamlakatda kuzatilayotgan sovuq havo, kuchli yomg‘ir va shamol natijasida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelib, gaz haydash agregatlari faoliyatida uzilishlar bo‘layotgani qayd etilgan.

Gaz bosimining kamayishidan kelib chiqib, 18-fevral kuni soat 06.00dan boshlab viloyatdagi barcha AGTKShlar faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Bunda birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsad qilingan.

Shuningdek, metan “zapravka"lar faoliyatida o‘zgarishlar kuzatilsa, qo‘shimcha ma’lumotlar berilishi ta’kidlangan.

Avvalroq “Hududgazta'minot” sovuq kunlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga o‘zgartirish kiritilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Kompaniya sovuq kunlarda gaz iste’molining ortishi sabab, haydovchilardan o‘z avtomobillarini yonilg‘i bilan ta’minlab olishlarini so‘radi.


2023-yilning 8-dekabr kuni Energetika vazirligi barcha AGTKShlar faoliyatiga cheklov kiritilganini ma’lum qildi. Bunda ular faoliyati soat 06:00—15:00 oralig‘ida amalga oshirilishi belgilandi. 12-dekabrdan esa ish vaqti soat 06:00dan 12:00gacha o‘zgartirildi.

Biroq, mamlakatning ayrim hududlarida bundan avvalroq metan “zapravka"lar faoliyatiga cheklovlar kiritilgandi. Jumladan, 4-dekabrdan Andijondagi AGTKShlar faoliyatiga cheklovlar o‘rnatilib, ularga tabiiy gazni yetkazib berish vaqti soat 06:00dan 15:00gacha qilib belgilandi.

Undan keyin, Qoraqalpog‘istonda gaz “zapravka"lar faoliyati cheklanib, hududdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalariga tabiiy gaz yetkazib berish belgilangan reja asosida soat 06:00dan 15:00gacha amalga oshiriladi.

7-dekabrdan Surxondaryodagi zapravkalar soat 08:00dan 17:00gacha, Qashqadaryoda esa 8-dekabrdan soat 06:00dan 15:00gacha faoliyat yurita boshladi.

Shuningdek, O‘zbekistonning oltita hududida metan zapravkalar faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Oradan ko‘p o‘tmay mazkur “zapravka"larga qo‘yilgan cheklovlar yumshatildi.