22-fevraldan metan “zapravka"lar faoliyatiga kiritilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Gaz bosimining kamayishi fonida birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida 18-fevraldan barcha AGTKShlar faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilgandi.

Mazkur cheklovlar 22-fevraldan mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda, belgilangan reja-grafik asosida bosqichma-bosqich olib tashlanmoqda.

Metan “zapravka"lar bilan bog‘liq vaziyat haqida kun davomida mahalliy hokimliklar hamda “Hududgazta'minot” va Energetika vazirligining axborot manbalari orqali ma’lumot berilishi qayd etilgan.

Avvalroq 18-fevraldan Buxoro viloyatidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi ma’lum qilingandi.

Undan keyin bir qator issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining pasayishi kuzatilishi sabab, mamlakatning ba’zi bir hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatilishi belgilandi.