Avvalroq prezident tomonidan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, aholiga qulaylik yaratish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida to‘lovlar amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida yagona to‘lov tizimini joriy etish belgilandi.

Bunda ko‘p qavatli turar joy xonadonlarining tabiiy gaz, elektr energiyasi va issiqlik ta’minoti, ichimlik va oqova suv hamda chiqindilarni olib chiqish xizmatlari kabi kommunal to‘lovlari yagona to‘lov tizimida birlashtiriladi.

Xususan, farmonda joriy yilning avgustigacha yagona to‘lov tizimining ishlashini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish va tasdiqlash belgilangan.

Sentabrgacha yagona tizimni ishga tushirish hamda monitoring qilish imkoniyati yaratiladi. Undan keyin, oktabrga borib, tizim tajriba-sinov tarzida Navoiy shahrida joriy etiladi.

Shuningdek, ko‘p qavatli uy-joylarda kommunal xizmatlar samaradorligini istiqomat qiluvchilar tomonidan kompleks baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilgan.

Yanvar oyida davlat rahbari elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha yagona billing hisob-raqamni joriy qilish kerakligini bildirgandi. Buning uchun xorijiy tajriba asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirilgan.