Avvalroq davlat rahbari raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda uy-joylarni saqlash masalalari ko‘rib chiqildi. Joylardagi boshqaruv kompaniyalarining faoliyati ko‘p hollarda qoniqarsizligi, 20 mingta ko‘p qavatli uylar aholisi ularning ishidan norozi ekani qayd etildi.

Boshqaruv kompaniyalari va shirkatlarning qaytarilmagan krediti va debitor qarzdorligi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga boshqaruv kompaniyalari faoliyatini sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha xonadonning yagona billing hisob-raqamini joriy qilish vaqti kelgani qayd etilib, xorijiy tajriba asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, hozirda ko‘p qavatli uylardagi 2 mingta yerto‘la tadbirkorlarga ijaraga berilmasdan, bo‘sh yotgani qayd etildi. Bu orqali mahallalarda 20 mingta ish o‘rni yaratish va ijaradan yiliga 150−200 mlrd so‘m qo‘shimcha daromad topish mumkin.

Ko‘p qavatli uylar yerto‘lasi va bo‘sh joylarini ijaraga berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Bunda yerto‘la va bo‘sh maydonlar haqida ma’lumotlar raqamlashtirilib, “Mening uyim” tizimiga bog‘lanadi hamda aholi va tashabbuskorlarga ochiq e’lon qilinadi.

Ijara to‘lovlari faqat mazkur platforma orqali hisob-kitob qilinadi va aholi uchun ochiq bo‘ladi.

Bundan tashqari, kompleks rahbariyatiga avariya holatidagi uylarni renovatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.