Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Eksportni oshirish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadida amaldagi texnik tartibga solish tizimini takomillashtirish, uning eksportga ko‘maklashish va ichki bozorni sifatsiz tovarlardan himoya qilishdagi ishtirokini mustahkamlash dolzarbligi qayd etildi.

Milliy sertifikatlar chet elda tan olinishi uchun tizimli ishlash, Milliy etalonlar bazasini to‘ldirish orqali xorijda mamlakat laboratoriyalarining sinov natijalariga ishonchni oshirish, hozirgi kunda eng zarur bo‘lgan texnik reglamentlarning mavjudlarini xalqaro talablarga moslashtirish va yangilarini ishlab chiqish zarur.

Standartlashtirish sohasidagi 6ta axborot tizimi va 2ta portalni o‘zaro integratsiya qilish, vazirlik va idoralarning standart sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirish, sohaviy texnik qo‘mitalar faoliyatini jonlantirish kerak.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi to‘g‘ridan to‘g‘ri hukumat bo‘ysunuviga o‘tkazilishi belgilandi. Agentlik direktori lavozimiga energetika vaziri o‘rinbosari Akmal Ro‘ziqulovich Jumanazarov tayinlandi.

Yanvar oyida o‘z tizimidagi kamchiliklar va sustkashlik uchun Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattarov lavozimidan ozod qilingandi.

Agentlikning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanadi:

  • milliy sertifikatlar xorijiy davlatlarda tan olinishi bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish;
  • sifatsiz mahsulotlar importining oldini olish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
  • Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitim talablarini amaliyotga joriy etish
  • sohada kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bevosita mas’ul bo‘lish;
  • aholi va tadbirkorlar bilan ishlashda shaffoflikni ta’minlash uchun sohani to‘liq raqamlashtirish.

Joriy yilda xorijiy davlatlar bilan sinov natijalarini ikki tomonlama tan olish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ishlarini davom ettirib, 1,2 mingta korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, texnik reglamentlar bilan qamrab olingan mahsulotlar turini ko‘paytirish, amaldagi 19ta texnik reglamentni qayta ko‘rib chiqish va yangilash, etalonlar va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini joriy qilish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

JST bilan samarali hamkorlik qilish maqsadida agentlik tuzilmasida Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazini ishga tushirish taklif qilindi.

Kadrlar salohiyatini oshirish uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilish va tarmoqlarda standartga mas’ul kadrlarni o‘qitish kerakligi aytildi. Sohani raqamlashtirish maqsadida “Texnik tartibga solish” yagona elektron axborot tizimi ishga tushirilishi belgilandi.

Davlat rahbari mazkur takliflarni ma’qullab, joylarga chiqib, korxona va tadbirkorlar bilan uchrashish, ularning standart sohasidagi muammo va takliflarini o‘rganish muhimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga qaysi standartlarni ishlab chiqish yoki qayerda laboratoriyalar tashkil qilish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab, ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Avvalroq sanoat zonalarida infratuzilmani yaxshilashga 1,5 trln so‘m ajratilishi ma’lum qilingandi. Prezident korxonalarga taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari muddatini uzaytirish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.