O‘zbekiston afg‘onistonlik tadbirkorlar uchun vizasiz rejim joriy qilishi mumkin. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Afg‘oniston sanoat va savdo vazirining bosh maslahatchisi F.Aziziy boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Delegatlar Termiz shahrining Afg‘oniston bilan chegaradosh hududidagi “Intermex” xalqaro savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakat tadbirkorlarining savdo markazida faoliyat yuritishi uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiyaga majmuada barpo etilgan savdo do‘konlari, ijara asosida taqdim qilinadigan omborxonalar, qo‘shni davlatdan tashrif buyurgan mehmonlar uchun shifoxona, mehmonxona hamda o‘quv markazlarining taqdimoti o‘tkazildi.

Avvalroq AQSh qirg‘izistonliklar uchun sayyohlik va ishbilarmonlik vizalari muddatini uzaytirgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, B1, B2 va B1/B2 vizasiga ariza topshirishda olinadigan $20 miqdoridagi yig‘im bekor qilindi.