2025-yildan Dubay amirligida xorijiy banklar uchun yillik 20% miqdorida soliq joriy etiladi. Bu haqda BAA bosh vaziri va Dubay amiri shayx Muhammad ibn Rashid al-Maktum saytida ma’lum qilindi.

Yangi soliq Dubaydagi barcha xorijiy banklarga, jumladan, maxsus rivojlanish zonalari va erkin zonalarga ham tegishli bo‘ladi. Istisno Dubay xalqaro moliya markazida faoliyat yuritish uchun litsenziyalangan tashkilotlarga taalluqlidir.

“Qonunda xorijiy banklardan soliq solinadigan foydadan har yili 20% soliq undirilishi belgilangan. Biroq, agar banklar yuridik shaxslar solig‘ini to‘layotgan bo‘lsa, u holda ushbu foizdan yuridik shaxslar solig‘i summasi chegirib tashlanadi”, — deyiladi xabarda.

Qonun buzilgan taqdirda 500 ming dirhamdan ($136,2 ming) ortiq bo‘lmagan jarima solinishi mumkin. Agar ikki yil ichida qoidabuzarlik takrorlansa, jarima ikki barobarga — 1 mln dirhamgacha ($272,5 ming) ko‘paytirilishi mumkin.

2023-yilning 1-iyunidan BAA korporativ solig‘i 9%ni tashkil etadi. Mazkur soliqlar mamlakat rezidentlari kabi norezidentlardan, jumladan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadi. Davlat idoralari, konchilik korxonalari, diniy va madaniy tashkilotlar bundan mustasno.

Avvalroq Bali 14-fevraldan xorijliklardan turistik yig‘im undirishni boshlashi haqida xabar berilgandi. 150 ming rupiy miqdoridagi to‘lovni onlayn, jumladan Visa va Mastercard kabi kartalar orqali amalga oshirish mumkin.