O‘zbekistonning har bir tumanida aholiga daromad manbaini yaratib beruvchi tizim yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Bu yil 5 mln aholining bandligini ta’minlash, 2 mln kishini tadbirkorlikka jalb etish belgilangan.

Buning uchun uchun 16 trln so‘m ajratildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Mahallabay ishlash agentligi, Fermerlar kengashi jamg‘armalari tomonidan 1,4 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Prezident topshirig‘i bilan Jizzax viloyatining G‘allaorol va Sharof Rashidov tumanlarida aholiga daromad manbai yaratib beruvchi yangi mexanizmlar yaratiladi. Kelgusida tizim barcha hududlarda joriy etiladi.

Tizim asosida har bir mahallaga iqtisodiy kompleks tashkilotlari rahbarlari biriktiriladi. Ular o‘zi mas’ul bo‘lgan mahalladagi kambag‘al oilalar bilan ishlab, ular daromadini oshirishga ko‘maklashadi.

Arzon kreditlar, subsidiya va imtiyozli resurslar, birinchi navbatda, aholini kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltiriladi. Yashirin biznes qonuniylashtirilib, rasmiy ish o‘rni ko‘paytiriladi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham, mahallaga mas’ullar bilan birga, aholi xonadonlarida serdaromad ekin ekishni tashkil qiladi.

Yangi uskunalar va bozor talablarini mahallalarga yetkazish orqali aholiga daromadni oshirishni o‘rgatish zarurligi ta’kidlandi.

Viloyat hokimlariga rivojlanishdan orqada qolayotgan tumanlarda shu kabi ishlarni tashkil etib, namuna qilish, har bir mahalla kesimida ishsizlikni kamaytirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatda ishsizlik darajasi 6,8%ni tashkil etib, 2,1%ga kamaygan. Kambag‘allik darajasi esa 3,1%ga pasayib, 11%ni tashkil etgan. Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi.