2023-yilda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan 1 trln so‘mga yaqin soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Xususan, o‘tgan yilning yanvar-oktabr oylarida umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 20 378ta yuridik shaxs tomonidan 999,4 mlrd so‘m soliq to‘langan.

Shundan 170,7 mlrd so‘mi, ya’ni 17,1%i 20ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning jami tovar aylanmasi 2 trln so‘mdan oshgan, qo‘llangan soliq imtiyozlari miqdori esa 26,3 mlrd so‘m.

O‘tgan yilda eng ko‘p soliq to‘lagan umumiy ovqatlanish korxonasi “International Foodchain” — “KFC” bo‘ldi. Korxona tomonidan 59,8 mlrd so‘m soliq to‘langan.

Shuningdek, korxonaning tovar aylanmasi 567,1 mlrd so‘mni, qo‘llanilgan soliq imtiyozlari esa 8,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Undan keyin kuchli uchlikni “Mak Food Servis” (Evos) hamda “Euro Asia Lider Service” korxonalari egalladi.

O‘tgan yili “Evos"ning tovar aylanmasi 619,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan hamda korxona tomonidan 43,8 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘langan. Soliq imtiyozlari — 9,8 mlrd so‘m.

“Euro Asia Lider Service” korxonasining tovar aylanmasi 224,5 mlrd so‘mni, soliqlar miqdori 15,1 mlrd so‘mni tashkil etgan, 3,8 mlrd so‘m soliq imtiyozlari qo‘llanilgan.

Avvalroq savdo korxonalari uchun yangi sanitariya-gigiyena talablari belgilanayotgani haqida xabar berilgandi. Oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchilar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar bekor qilinadi.