Adliya vazirligi Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi oziq-ovqat savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablarini hisobga oldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat mulkchilik shaklidan qat’iy nazar qurilayotgan, qayta qurilayotgan va faoliyat yuritayotgan barcha oziq-ovqat korxonalarining joylashuvi, jihozlanishi va ularning sanitariya-gigiyenik holati, hamda xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga oid talablarni belgilaydi.

Tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim talablar bekor qilinmoqda. Bular qatorida qo‘mita bilan kelishib, tasdiqlangan oziq-ovqat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirshlar kiritish mumkin emasligi, savdo korxonasi qurilishi uchun yer tanlash kabilar bor.

Quyidagi sanitariya-gigiyena talablari belgilangan:

  • savdo korxonalarini suv bilan ta’minlash uchun markazlashtirilgan maishiy va ichimlik suv ta’minotiga ulangan, markazlashtirilgan suv ta’minoti mavjud bo‘lmaganda, mustaqil tizim qurilgan bo‘lishi;
  • oziq-ovqat va ularning tarkibiy qismlari, nooziq-ovqat mahsulotlari, kimyoviy moddalarni (tozalash vositalari, moylash materiallari, yoqilg‘ilar) saqlash uchun alohida sharoit (quruq va tabiiy yoki sun’iy ventilyatsiyasi mavjud) yaratilgan xonalar bo‘lishi;
  • qadoqlash uchun ishlatiladigan bir marotabalik idishlar salomatlik uchun xavfsiz materiallardan (plastik, kartonli, qog‘oz) tayyorlangan va toza, quruq bo‘lishi.

Shu bilan birga, xavf-xatarning oldini olish maqsadida ishchi xodimlarda ochiq yaralar, tirnalgan, kesilgan yoki boshqa teri jarohati bo‘lganda, jarohatni plastir bilan berkitish lozimligi ham keltirilgan.

Xodimlar quyidagi hollarda qo‘llarni suyuq sovun bilan yuvishi va dezinfeksiya qilishi lozim:

  • ish boshlashdan oldin;
  • ishdagi har bir tanaffusdan keyin;
  • bir jarayondan ikkinchisiga o‘tishda;
  • ifloslangan narsalarga qo‘l orqali tegilgandan keyin;
  • hojatdan oldin va keyin ikki marta;
  • toza maxsus kiyim (poyabzal bilan birgalikda) kiyishdan va ish boshlashdan oldin.

Fevral oyida mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingandi. Hujjat bilan, oziq-ovqat mahsulotlari sohasiga $220 mlngacha mablag‘lar ajratiladi.