15-mart kuni tadbirkorlarga xalqaro platformalar orqali IT-sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, raqamlashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha eksport shartnomaviy hujjatlarni xalqaro platformalarda rasmiylashtirishga ruxsat beriladi. Bu huquqiy eksperiment tarzida amalga oshiriladi.

Joriy yilning 1-aprelidan eksperiment doirasida “IT Park” rezidentlari tomonidan raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha xalqaro platformalarda elektron shaklda rasmiylashtirilgan shartnomalar (kelishuv, hisobvaraq-faktura, invoys) elektron hujjat sifatida tan olinadi. Ularning qog‘oz shaklidagi nusxasi talab etilmaydi.

Bu rezidentlarning ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga muvofiq amalga oshirilib, qiymati $100 ming yoki ushbu ekvivalentga teng miqdorgacha bo‘lgan shartnomalarni nazarda tutadi.

Raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirish ruxsat etiladigan xalqaro platformalar ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Huquqiy eksperiment doirasida “IT Park” rezidentlari uchun Yagona portal orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tashqi savdo bitimlari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni kiritib borish majburiy hisoblanadi.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev IT-xizmatlar infratuzilmasi va eksportini rivojlantirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi. Undan keyin, bu bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan, “ІT Park” tomonidan hududlarga ІT-xizmatlar eksportini amalga oshiruvchi korxonalarni jalb qiluvchi “Zero Risk” dasturi hamda korxonalarni xalqaro ІT-bozorga olib chiquvchi “Local to Global” loyihasi amalga oshiriladi.