2023-yil oxirida ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan kameral soliq tekshiruvida soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish taqiqlangandi.

Joriy yilning 13-mart kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Hujjat bilan, kameral tekshiruvlarni o‘tkazishda soliq organlarining quyidagi huquqlari bekor qilinmoqda:

  • soliq to‘lovchining hududiga kirish;
  • uning hududini va binolarini ko‘zdan kechirish;
  • soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
  • hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish.

Biroq, bundan QQSning o‘rnini qoplash yoki qaytarish maqsadida o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvlari mustasno. Hujjat joriy yilning 14-martidan kuchga kirdi.

O‘tgan yili prezident tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda kameral nazorat soliq tekshiruviga aylanib ketgani va korrupsiyaga yo‘l ochib berayotganini qayd etgandi. Kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki idoraga chaqirish taqiqlanishi belgilandi.

Tadbirkorlar soliq idoralarining sayyor soliq tekshiruvi natijalaridan norozi bo‘lganda, soliq idoralari ustidan to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga shikoyat qilishlari mumkin.