Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, to‘lanishi bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq bo‘lmagan bojxona yig‘imlarini bojxona hududida to‘lash belgilandi.

Soliq kodeksiga soliq hisobotlarini 3 yil but saqlashga oid o‘zgartirish kiritildi. Oldin bu muddat 5 yilni tashkil etardi.

Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish taqiqlandi:

  • soliq to‘lovchi hududiga kirish;
  • soliq to‘lovchi hududi va binolarini ko‘zdan kechirish;
  • soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
  • soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish.

Biroq, bundan QQSning o‘rnini qoplash yoki qaytarish maqsadida o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno.

Endilikda soliqqa oid huquqbuzarlik uchun 3 yil ichida javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi kerak, 3 yildan keyin shaxs huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas (ilgari 5 yil edi).

Ota-onalar har qanday yoshdagi farzandlarining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qishi uchun to‘lagan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi. Ilgari faqat 26 yoshgacha bo‘lgan farzandlar uchun to‘langan pullardan daromad solig‘i olinmagan.

Shuningdek, quyidagilarga qo‘llaniladigan soliq imtiyozlari 2028-yilning 31-dekabrigacha uzaytirildi:

  • O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlari fuqarolardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;
  • O‘zbekistonning norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalari bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlariga foyda solig‘i bo‘yicha 5% miqdorida soliq stavkasi qo‘llaniladi;
  • O‘zbekistonning rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan hamda foyda solig‘idan ozod etiladi.

Qonun 2024-yildan e’tiboran kuchga kiradi.

Avvalroq naslchilik xo‘jaliklari uchun soliq imtiyozi uzaytirilgandi. 2025-yilgacha soliqni 50% pasaytirilgan stavkada to‘lash imtiyozi iqtisod qilingan mablag‘larni asosiy faoliyatni rivojlantirishga yo‘naltirish sharti bilan amal qiladi.