Prezident tomonidan aholini ish bilan ta’minlagan tadbirkorlarga imtiyozlar taqdim etishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi.

Soliq kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalar bilan tadbirkorlarga ayrim soliqlarni hamda aylanmadan olinadigan soliqni ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab belgilangan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.

Imtiyozdan “Hamkorlik shartnomalari"ga asosan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlar foydalanishlari mumkin. Biroq, Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlar uchun amal qilmaydi.

Bunda tadbirkorlar soliqlarni quyidagi muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin:

  • 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni uchun — 3 oygacha;
  • 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni uchun — 6 oygacha;
  • 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni uchun -12 oygacha.

Shuningdek, “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va ulardan olinadigan yer solig‘ini quyidagi miqdorda pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi:

  • 51tadan 100tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda — belgilangan soliq stavkasining 50%i;
  • 101 dan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda — belgilangan soliq stavkasining 75%i;
  • 200dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilganda — ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Mazkur imtiyoz 2025-yilgacha taqdim etiladi. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.

O‘tgan yilning mayida davlat rahbari “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirilishi ma’lum qilgandi.

Iyunda mazkur dastur doirasida Savdo-sanoat palatasi tomonidan maxsus Telegram-bot ishlab chiqildi. Bot tadbirkorlarning ro‘yxatdan o‘tishiga yordam beradi.

Iyulga kelib hukumat tomonidan dastur ishtirokchilariga imtiyozlar qo‘llash tartibini tasdiqlandi. Unda, aynan yuqoridagi imtiyozlar haqida gap ketadi.

Joriy yilning fevral oyida senatorlar yuqoridagi o‘zgarishlarni nazarada tutuvchi mazkur qonunni ma’qullashgandi.