Yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston xorijdan 17 553 dona yengil avtomobil import qildi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida mamlakatga olib kelingan yengil avtomobillar qiymati $383,1 mlnni tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 71%dan ortiqqa (12 527ta) oshgan.

Birgina yanvar oyida 10 237 dona yengil avtomobil import qilingan bo‘lsa, qolgan 7 316 donasi fevralda olib kelingan.

Jami avtomobillarning 70%dan ortig‘i Xitoydan olib kelingan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatdan jami 12 808 dona yengil avtomobil import qilingan.

Undan keyingi o‘rinlarda 4 176 dona avtomobil bilan Janubiy Koreya hamda 455 dona avtomobil bilan AQSh turibdi.

Shuningdek, ikki oyda Yaponiya hamda Germaniyadan mos ravishda 29 va 27 dona avtomobil olib kelingan.

2023-yilda O‘zbekiston Xitoy avtomobillari importini besh barobarga oshirgandi. O‘tgan yili mamlakatga 58 ming dona avtomobil olib kelingan.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida xorijdan 3502ta elektromobil olib kelindi. Xitoyning elektromobillarni yetkazib berishdagi ulushi 99%dan oshdi.

Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistonda shaxsiy avtomobillar soni qanchaga yetgani ma’lum bo‘lgandi. Aholiga tegishli avtomobillar soni 10%dan ortiq o‘sish bilan 4,02 mln donani tashkil etgan.