Raqamli texnologiyalar vazirligi “Coursera” platformasida bepul o‘qish uchun arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Coursera” masofaviy ta’lim platformasida dunyoning 300ga yaqin universitetlari va kompaniyalarining 8ta yo‘nalishdagi 12 mingta professional ta’lim resurslari joylashtirilgan.

Xususan, Stanford, Yale, Illinois, Duke, Michigan kabi universitetlar hamda “Google”, “Amazon”, “Meta”, “IBM” va boshqa xalqaro kompaniyalar kurslari mavjud.

Mazkur imkoniyat IT-sohasida ta’lim olayotgan iqtidorli talabalarga taqdim etilib, qabul qilinganlar platformadagi $49dan $400gacha bo‘lgan kurslarda bepul o‘qishlari mumkin.

Buning uchun nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

Nomzodlarni saralashda chet tili sertifikati bor talabgorlarga ustunlik beriladi. Bepul litsenziyalar soni cheklangan.

2022-yili “IT-Park” va “Coursera” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.

O‘tgan yilning fevralida o‘zbekistonliklar “Coursera"da 5ta yo‘nalish bo‘yicha bepul ta’lim olishi ma’lum qilindi. Mayga kelib platforma bilan onlayn kurslarning yangi mahalliy platformasi ishga tushirildi.


Avvalroq Raqamli texnologiyalar vazirligi IT-sohasida yuqori daromad topish istagida bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.