O‘zbekistonliklar “Lukoil” kompaniyasiga ishga jalb qilinadi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha vazirlik hamda uning huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar o‘zbekistonliklarni tashkillashtirilgan tarzda “Lukoil” guruhi tashkilotlariga ishga jalb qilish to‘g‘risidagi yo‘l xaritasi va bitimni imzolashdi.

Hujjat bilan nomzodlar malakasi, ish tajribasi va rus tilini bilish darajasi, shuningdek, tibbiy va mehnat faoliyatiga qo‘yiladigan boshqa talablar asosida tanlab olinishi belgilandi.

“Lukoil” hamda agentlik vakillaridan iborat ishchi guruh mutaxassislarni yuborish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib boradigan fuqarolarga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy masalalarda ko‘mak berishga kelishildi.

Kasbiy ko‘nikmalarni mustahkam egallagan fuqarolar xavfsiz va tashkillashtirilgan tarzda Rossiyaga yuboriladi.

2023-yilning oktabrida “Lukoil” bilan neft-gaz sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularni kompaniyada ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilingandi.

Endilikda mehnat migrantlarining ayrim xarajatlari qisman qoplab beriladi. Xorijdan qaytgan migrantlarni ishga olgan korxonalarga har bir xodim uchun oyiga 500 ming so‘m miqdorida subsidiya berib boriladi.