Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki “Fortuna Business” mikromoliya tashkilotiga kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank saytida ma’lum qilingan.

Mazkur mablag‘lar hududlardagi yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston kompaniyasiga mikromoliyalash sohasida YeTTB tomonidan taqdim etilgan birinchi kreditdir.

Kredit summasi so‘m ekvivalentida $4 mln bo‘lib, ikki yarim yilga ajratiladi. Mablag‘ning yarmi shartnoma imzolangandan so‘ng, qolgan qismi esa keyinroq — YeTTB qarori bilan olinadi.

Rejaga ko‘ra, jalb qilingan mablag‘larning 65%gacha bo‘lgan qismi Toshkent shahridan tashqarida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkorlar, mikro, kichik va o‘rta korxonalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, mablag‘ning 35%gacha qismini ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Fortuna Business” mikromoliya tashkiloti Farg‘ona shahrida 2018-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda kompaniyaning Farg‘ona, Andijon, Jizzax, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlarida 11ta filiali mavjud.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, “Fortuna Business” ustav kapitali 140 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Kompaniyaning 96%i Ahror Haydarovga, yana 3%i esa amaldagi direktori Ulug‘bek Mahmudovga tegishli. Har biri 0,5%dan Akmal Jalilov va Qodirjon Ismoilovga tegishli.

Mart oyi boshida YeTTB energetik ichimliklar ishlab chiqaruvchi “Flash Up” kompaniyasiga 15 mln yevro ajratishi ma’lum qilingandi. Kompaniya o‘z zavodi uchun bino qurishni va yangi butilka ishlab chiqarish liniyalarini o‘rnatishni rejalashtirmoqda.