Buyuk Britaniyaning rekruting kompaniyasi o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralarni ishga jalb qilishi mumkin. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyada xorijdan yuqori malakali shifokorlar va hamshiralarni ish bilan ta’minlashga ixtisoslashgan “Triple West Medical” rekruting kompaniyasi direktori Gurol Maxmut bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Britaniya tomoni O‘zbekiston hukumatining mamlakat fuqarolarini xorijga tartibli va xavfsiz ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini qayd etdi. Kompaniya fuqarolarni ishga joylashtirishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

“O‘zbekistondan oliy toifadagi shifokorlarni ishga jalb qilish uchun o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kasbiy til ko‘nikmalarini egallashlari uchun o‘quvlarni tashkil etishga tayyormiz. Tanlovdan o‘tganlar Britaniyadagi nufuzli shifoxonalarda ish bilan ta’minlanadi”, — dedi Gurol Maxmut.

Muzokaralar yakunida kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatga tashrifini uyushtirish va tegishli davlat idoralari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazishga kelishildi.

Triple West Medical” rekruting kompaniyasi 2008-yilda tashkil etilgan. Britaniya va Irlandiyadagi davlat shifoxonalari bilan malakali xorijiy shifokorlarni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik qiladi.

Avvalroq “Spot” xorijga qonuniy ishga qanday ketish mumkinligi hamda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.