Toshkent shahrida ichik halqa avtomobil yo‘lining bir qismi yopiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

2024−2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Yunusobod tumanining Kichik halqa avtomobil yo‘lidan o‘tgan 260 metr uzunlikdagi eskirgan issiq suv tarmog‘ida ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Birinchi bosqichda, Kichik halqa avtomobil yo‘lining Turkqo‘rg‘on ko‘chasi bilan kesishmasidan Adham Rahmat ko‘chasigacha bo‘lgan harakat yo‘nalishining bir tomoni 19-aprel kunidan boshlab 7 kunga yopiladi.

Harakat yo‘lning bir tomonidan har ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi. Haydovchilarga shu vaqt oralig‘ida aylanma yo‘llardan foydalanish tavsiya qilinmoqda.

Avvalroq Toshkentda noqonuniy qurilmalarni buzish ishlari davom etayotgani haqida xabar berilgandi. Mirobod ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavati, ko‘cha yuzidagi ovqatlanish hamda savdo shoxobchalarida noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.