O‘zbekistonning beshta hududida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflari belgilandi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, quyidagi hududlarda aholi va yuridik shaxslar uchun chiqindi xizmatlariga yangi narxlar belgilandi:

Hudud
Aholi uchun tariflar, so‘mda (kishi boshiga)
Yuridik shaxslar uchun tariflar, so‘mda (bir kub metr uchun)
Qoraqalpog‘iston bo‘yicha
4 032 (QQS bilan)
72 240 so‘m (QQS bilan)
Jizzax viloyati bo‘yicha
6 000 (QQSsiz)
60 000 (QQSsiz)
135 420 (1 tonna uchun)
Sirdaryo viloyati bo‘yicha
4 000 (QQS bilan)
81 000 (QQS bilan)
Surxondaryo viloyati bo‘yicha
4 500
70 000 (QQSsiz)
Qarshi shahri bo‘yicha
4 500 (QQS bilan)
89 600 (QQS bilan)

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan davrda to‘lov tariflariga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy omillar — ish haqi 1,5 baravarga, avtotransport yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlari qiymati, kommunal xizmatlar, elektr, ichimlik va oqova suv narxlari 2 baravarga, siqilgan tabiiy gaz narxi 4 baravarga, benzin 1,5 baravarga, dizel esa 2 baravarga oshgan.

Biroq, aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov tariflari oxirgi 2−4 yil davomida qayta ko‘rib chiqilmagan, bu esa sanitar tozalash korxonalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, 2022-yil yakuni bo‘yicha ularning rentabellik darajasi pasaygan.

Mamlakatning qolgan boshqa hududlarida ham qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun yagona to‘lov tariflarini belgilashga doir chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Avvalroq, Toshkent shahri hamda Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun tariflari oshirilgandi. Undan keyin Buxoro, Namangan viloyatlarida ham mazkur xizmatlar uchun yangi narxlar belgilandi.

Mart oyida davlat rahbari jamoat joylarini obodonlashtirish sohasida eksperiment o‘tkazilishini e’lon qildi. 26ta tumanda obodonlashtirish bo‘limlari vazifalari DXSh asosida chiqindilarni olib chiqish korxonalariga o‘tkaziladi.