Hozirda 481,4 ming nafar haydovchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanmoqda. Bu haqda 23-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

Shundan 1 500 nafarga yaqinini ayol haydovchilar tashkil etadi. Yana 213,1 ming nafari soliq organlari bilan to‘liq integratsiya qilingan 6ta onlayn-taksi agregatorlari — “Yandex Go”, “Uklon”, “MyTaxi”, “Intellekt Servis”, “Promo Technology Group” hamda “TotMega” orqali faoliyat yuritmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur taksi agregatorlari tomonidan to‘langan soliqlar 20,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Ko‘rsatilayotgan har bir tashish xizmati uchun elektron fiskal chek shakllanmoqda. Buning hisobiga yil boshidan 866,3 mlrd so‘m daromadlar rasmiylashtirildi.

Shundan, 73,8 mlrd so‘m yanvar, 159,4 mlrd so‘mi fevral, 414,1 mlrd so‘mi mart oylariga to‘g‘ri keladi. O‘tgan aprel oyida esa 219 mlrd so‘m daromad hisoblangan.

Qayd etilishicha, integratsiya qilish bo‘yicha yana 125ta agregatorga yordam berilmoqda. Aprel oyi boshida taksi xizmat ko‘rsatayotgan 124ta agregatoridan 17tasi faoliyat yuritmasligi ma’lum bo‘lgandi.

O‘tgan yil oxirida qo‘mita mamlakatning barcha hududlarida agregatorlar va taksi xizmatlari fiskallashtirilishini ma’lum qilgandi.

Dekabr oyi boshida “Yandex Go” ilovada sayohatlar uchun fiskal chek berishni ishga tushirdi, fevralga kelib esa naqd puldagi to‘lovlar uchun ham elektron chek berishni boshladi.