Soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 124ta agregator taksi xizmatini ko‘rsatayotgani aniqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Xususan, shundan 32tasi mobil ilova orqali xizmatlarni ko‘rsatsa, qolgan 92tasi telefon orqali buyurtmalarni qabul qiladi. Biroq, mazkur agregatorlarning 17tasi faoliyat yuritmaydi.

Soliq organlari bilan 3ta agregator — “Yandex”, “Uklon” va “MyTaxi” taksi xizmatlari to‘liq integratsiyalashgan.

Bundan tashqari, yana 24ta agregatorning integratsiya jarayoni ketmoqda, 80ta agregator esa integratsiya uchun ariza topshirganini qayd etdi.

Onlayn agregatorlar va taksi xizmatlariga soliq organlari bilan integratsiyalashuvi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun naqd va naqdsiz to‘lovlarni fiskallashtirishga yordam beradi.

Joriy yilning 1-aprel kuni soliq organlari bilan integratsiyalangan onlayn agregatorlar orqali xizmat ko‘rsatuvchi 70,9 mingta korxona tomonidan 889,3 ming marta qatnov amalga oshirilgan.

Natijada, ko‘rsatilgan taksi xizmatlari uchun 14,5 mlrd so‘m to‘lanib, shundan 11,4 mlrd so‘mi naqd pulda, 3,1 mlrd so‘mi naqdsiz hisob-kitob qilingan.

Bir martalik yo‘lovchi tashishning o‘rtacha narxi 16 388 so‘mni tashkil etadi.

O‘tgan yil oxirida qo‘mita mamlakatning barcha hududlarida agregatorlar va taksi xizmatlari fiskallashtirilishini ma’lum qilgandi.

Dekabr oyi boshida “Yandex Go” ilovada sayohatlar uchun fiskal chek berishni ishga tushirdi, fevralga kelib esa naqd puldagi to‘lovlar uchun ham elektron chek berishni boshladi.