6-may kuni Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Yil boshida prezidentning tegishli qarori bilan “Ta'lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tuzilgandi. O‘tgan vaqt mobaynida ofis tomonidan vazirliklar bilan o‘quv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, ta’lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish bo‘yicha tashabbuslar ishlab chiqildi.

Hozirda bakalavriatda 306ta yo‘nalish, magistraturada 625ta mutaxassislik bor. Ularning ayrimlari xalqaro standartlar va mehnat bozori talablariga to‘g‘ri kelmasligi qayd etildi. Bu bitiruvchilarda to‘liq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda talab yuqori bo‘lgan sohalarda yangi yo‘nalishlar ochish bo‘yicha takliflar bildirildi. 1-sentabrgacha o‘quv jarayonlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Oliy ta’limga qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni to‘liq ta’minlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolishi mumkin.

Yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Bunda yuqori ball olganlar o‘qishga qabul qilinadi.

Endi davlat granti 4 yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Prezident bu tizimni adolatli yo‘lga qo‘yish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortig‘i bo‘yicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Malakani baholash markazlarida sertifikatlash yo‘lga qo‘yilmagan. Tizimga doir jarayon va hujjatlar elektron platformada yuritilmaydi.

Yig‘ilishda Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini to‘liq ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Mamlakatda yiliga 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari tashkil etilib, 146 ming ish o‘rni yaratilayapti. Ularda yiliga 25 mingdan ortiq muhandis va texnologlarga ehtiyoj mavjud.

Texnik yo‘nalishda 33ta davlat oliygohida kadrlar tayyorlanmoqda. Amaldagi malaka talablarining 55%i, o‘quv-reja va dasturlarning 40%i mehnat bozori va xalqaro standartlarga javob bermaydi. Xorijiy universitetlarda allaqachon to‘xtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar hali ham o‘qitilmoqda.

Prezident bu bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotbay Sharipov hamda “Ta'lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi direktori Adham Xudoyqulovga ikki oy ichida taklif kiritishni topshirdi.

Yil bobshida prezident ta’lim tashkilotlari faoliyati va ta’lim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq bergandi. Loyiha ofisi bog‘cha, maktab, kasbiy hamda oliy ta’limda o‘quv standarti va dasturlarini tajribalar asosida ishlab chiqishga mas’ul bo‘ladi.

Kelasi o‘quv yilidan xorijiy tillar yo‘nalishlari bo‘yicha pedagoglarni tayyorlaydigan davlat OTM talabalarining maktablarda pedagogik amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.