O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarning oshishi umumiy inflyatsiya darajasini 2,4 foiz bandga tezlashtiradi. Bu haqda Markaziy bankning birinchi chorak uchun pul-kredit siyosati sharhida keltirilgan.

Ayrim tartibga solinadigan narxlar indeksatsiyasi va energiya narxlarining oshirilishi ikkinchi chorakdan inflyatsiyaga bir martalik ta’sir etishi kutilmoqda.

Energiya resurslari narxlarining oshirilishi inflyatsiyaga birlamchi ta’siri 2,4 foiz bandni, jumladan, elektr energiyasi uchun 1,2 foiz band, tabiiy gaz — 1 foiz, suyultirilgan gaz — 0,2 foizni tashkil etishi taxmin qilinmoqda.

Bunda yuridik shaxslar uchun narxlar o‘zgarishsiz qoldirilgani va bu faqat uy-xo‘jaliklariga nisbatan amalga oshirilayotgani uchun uning ikkilamchi ta’siri yuqori bo‘lmasligi mumkin. Bu asosan inflyatsion kutilmalarning o‘zgarishi darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ijtimoiy norma va to‘lovlarni kechiktirish kutilmalarga bo‘lgan salbiy ta’sirlarni yumshatishga xizmat qilishi mumkin. Biroq, o‘zgarishni baholash ma’lum bir vaqt kuzatuvni talab etadi.

Shuningdek, aprel oyidan tibbiy xizmatlar, dori-darmonlar va ayrim kommunal xizmatlarga QQS joriy etilishi bazaviy inflyatsiyaning pasayuvchi tendensiyasini sekinlashtirishi mumkin.

Bunda bazaviy inflyatsiyani 0,9% bandga, umumiy inflyatsiyaga esa qo‘shimcha 1,0 foiz bandga oshiradi. To‘rtinchi chorakdan pasayuvchi trendga qaytishi kutilmoqda.

Markaziy bank 2024-yildagi umumiy inflyatsiya prognozini 9−11%gacha oshirdi. Bu yoqilg‘i-energetika resurslari tariflarining oshirilishi va QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi bilan bog‘liq.

1-maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar oshirilib, ijtimoiy norma belgilandi. Kelgusi yilning aprel oyidan jismoniy shaxslar uchun tariflar yana oshiriladi.

Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” elektr energiyasi iste’molini hisoblash kalkulyatorini ishga tushirdi.