Osiyo taraqqiyot banki 2025−2027 yillarda O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 4−5-may kunlari Gruziya poytaxti Tbilisida OTB Boshqaruvchilar kengashining 57-yillik yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.

Tadbir doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev va OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha Bosh direktori Yevgeniy Jukov o‘rtasida memorandum imzolandi.

Hujjat bilan, umumiy qiymati $3,5 mlrdlik 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan dasturni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Dasturdan tomonlar uchun manfaatli hamda “O‘zbekiston — 2030” Strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq bo‘lgan loyihalar o‘rin olgani qayd etildi.

OTBning Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmati “Gazeta.uz” so‘roviga javoban bank va O‘zbekiston hukumati tomonidan kelgusi yillar uchun rivojlanish loyihalari taxminiy belgilab qo‘yilgani hamda o‘rta muddatli maqsadlar har yili tahlil qilinib, yangilanib borilayotganini ta’kidladi.

“Bankning maqsadi O‘zbekistonda energetika, transport, suv ta’minoti va shahar infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslarni boshqarish, moliya, davlat sektori va boshqaruvi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish, bilim va innovatsion yechimlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat”, deya qayd etdi OTB.

2022-yili Osiyo taraqqiyot banki bilan 2025-yilgacha $2,8 mlrdlik 27ta loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishilgandi. Bank ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasi amalga oshirilishi belgilangan.

Uning doirasida hududlardagi 86ta tumanda, 770 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 272ta mahalladagi 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Bunga Osiyo taraqqiyot bankining $240 mlnlik qarz mablag‘i yo‘naltiriladi.