Jeff Bezosning “Blue Origin” kosmik kompaniyasi qariyb ikki yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor sayyohlarni koinotga jo‘natdi. Suborbital parvoz kompaniyaning “YouTube"dagi kanalida namoyish etildi.

“New Shepard” qayta foydalanish mumkin kosmik kemasi Texas g‘arbidagi Van Xorn yaqinidagi Corn Rancho‘dan uchirildi.


Kosmik sayyohlar bilan kapsula dengiz sathidan 100 km balandlikdagi Karman chizig‘iga yetib bordi, bu Yer atmosferasi va kosmos o‘rtasidagi chegara hisoblanadi.

Samolyot bortida olti kishi bo‘lgan: venchur kapitalist Meyson Anxel, fransuz pivo ishlab chiqaruvchi “Brasserie Mont-Blanc” asoschisi Silven Chiron, dastur muhandisi va tadbirkor Kennet Xess, pensioner Kerol Shaller, uchuvchi Gopi Thakura va AQSh harbiy-havo kuchlarining sobiq kapitani Ed Duayt.

90 yoshli Duayt kosmosga uchgan dunyodagi eng keksa odamga aylandi. “CNN” ma’lumotlariga ko‘ra, 1961-yilda Duayt AQShning o‘sha paytdagi prezidenti Jon Kennedi tomonidan birinchi qora tanli astronavt nomzodi sifatida tanlangan, biroq u hech qachon “NASA” astronavtlar korpusiga kirmagan.

Bu “New Shepard"ning yettinchi ekipajli suborbital missiyasi, biroq 2022-yil sentabridagi avariyadan keyingi amalga oshirgan birinchi parvozi hisoblanadi.

O‘sha vaqtda raketa yonib ketdi va suborbital orbitaga uchuvchisiz kapsulani olib chiqa olmadi. Faollashtirilgan zaxira xavfsizlik tizimi tufayli kapsula uzildi, shundan so‘ng u parashyutlar yordamida yerga tushgandi.

Voqea bo‘yicha tergovni AQSh Federal Aviatsiya ma’muriyati olib bordi, u “Blue Origin” kompaniyasiga kema dizayniga 20 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritishni buyurdi.

Koinot kompaniyasi avariyadan so‘ng “New Shepard"ning birinchi ekipajsiz uchirilishini faqat 2023-yil dekabr oyida amalga oshirdi.