Boshqirdistonda O‘zbekiston tovarlari uchun logistika markazini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda respublika rahbari Radiy Xabirov va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov o‘rtasidagi uchrashuvda ma’lum qilindi, deya xabar berdi “RBC” nashri.

Tomonlar uchrashuvda iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildilar.

“Chorvachilik, o‘simlikchilik, sabzavotchilik kabi sohalarda hamkorlik qilishga tayyormiz. Respublikada qishloq xo‘jaligida yetakchimiz, 50 ming gektar bog‘imiz, 10 ming gektar tokzorimiz, qariyb 350 ming gektar sug‘oriladigan yerimiz, 30 ming gektardan ortiq sabzavot ekinlari bor. Biz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishga tayyormiz. Birgalikda ishlash uchun sizlardan yordam kerak”, — dedi Xayrullo Bozorov.

Radiy Xabirov logistika markazini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. U yerdan tovarlarni Volga mintaqasining boshqa hududlariga yetkazib berish mumkin.

“Biz ushbu investitsiya loyihasini qo‘llab-quvvatlashga va yangi obyekt uchun yer topishga tayyormiz. Shu munosabat bilan Boshqirdiston butun Volga federal okrugi bozoriga yo‘l ochadi”, — dedi Xabirov.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati kompaniyalari Boshqirdistonda chorvachilik va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalariga sarmoya kiritishga tayyor, deya qo‘shimcha qildi respublika rahbari.


Avvalroq “Spot” Boshqirdiston va O‘zbekiston qo‘shma texnopark tashkil etish istagida ekanligi haqida yozgandi.

Mamlakatda O‘zbekistondan meva va sabzavotlar uchun “yashil yo‘lak” ochish rejalashtirilmoqda.