Farg‘ona viloyatida metan “zapravka” 1 mlrd so‘mdan ziyod tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Inspeksiyaning hududiy boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va gaz ta’minoti korxonasi xodimlari bilan nazorat tadbiri o‘tkazildi.

Farg‘ona tumanida faoliyat yuritayotgan “SNG.G.S.” MChJga qarashli AGTKSh tabiiy gazdan foydalanishda gaz hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatgani ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori jami 1,13 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Qoidabuzar iste’molchiga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilindi.

Avvalroq Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida joylashgan gaz “zapravka” ham 3,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasini talon-toroj qilgani aniqlangandi.

Aprel oyida 58 mlrd so‘mdan ortiq elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan. Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi Samarqand, Toshkent va Andijon viloyatlariga to‘g‘ri keladi.